“Kitobxon onalar kuni” munosabati bilan Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida fayzli va unutilmas davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Navro‘zing muborak, O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu bayramona tadbir qalblarga iliqlik, dillarga quvonch ulashdi. Ishtirokchilar dastlab Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirni ZOOM platformasi orqali maroq bilan kuzatdilar.
So‘ngra sahnaga chiqqan kitobsevar onaxonlar, “Buvijonlar maktabi” va “Oqila ayollar” maktablarining fidoyi rahbarlari hamda a’zolari, ijodkorlar, Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumining ijodkor o‘qituvchilari o‘zlarining dilbar chiqishlari bilan barchaning qalbiga quvonch va zavq ulashdilar.
Milliy cholg‘u asboblaridan jaranglagan doira sadolari ostida yangragan kuy-qo‘shiqlar, jarangdor laparlar va bahor nafasi ufurib turgan she’rlar tadbirga o‘zgacha shukuh, jo‘shqin kayfiyat va unutilmas taassurot bag‘ishladi.
Bu go‘zal uchrashuv kitobxon onalarning ma’naviy olamini yanada boyitib, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, Navro‘z shodiyonalarini munosib kutib olish ruhida o‘tkazilgan haqiqiy bayramga aylandi.






Ijtimoiy tarmoqlarga a'zo bo'ling!
Yangiliklar va xabarlardan birinchi bo'lib xabardor bo'ling